“NAVOIYURAN” OBYEKTLARIDA EKOLOGIK MONITORING TIZIMI TAKOMILLASHTIRILMOQDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida atrof-muhitga ta’siri yuqori bo‘lgan I va II toifaga kiruvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarda atmosfera havosiga ustuvor stasionar (tashkillashtirilgan) ifloslantiruvchi manbalardan chiqariladigan tashlamalarni tahlil qiluvchi avtomatik monitoring stansiyalarini o‘rnatish, shuningdek, yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish va mavjudlarini modernizatsiya qilish vazifalari belgilangan.
2026-yil 6-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi ‒ Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi A.Abduhakimov rahbarligida tadbirkorlar bilan onlayn ochiq muloqot o‘tkazildi. Muloqot davomida “Navoiyuran” davlat korxonasi Atrof-muhit muhofazasi bo‘limi mas’ullari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PF-81-son Farmonida belgilangan talablardan kelib chiqib, korxonaning I va II toifaga mansub obyektlarida o‘rnatilishi lozim bo‘lgan avtomatik monitoring stansiyalari sonini maqbullashtirish masalasi ko‘tarildi.



Masala yuzasidan Qo‘mita rahbari tomonidan “Navoiyuran” davlat korxonasiga tegishli obyektlarning texnologik jarayonlari va atmosfera havosiga ta’sir xususiyatlarini batafsil o‘rganish, avtomatik monitoring stansiyalarini o‘rnatish zaruratini har bir obyekt kesimida tahlil qilish bo‘yicha topshiriq berildi.
Topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Renspublikasi ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining ishchi guruhi hamda “Navoiyuran” davlat korxonasi Atrof-muhit muhofazasi bo‘limi mutaxassislari ishtirokida korxonaning ishlab chiqarish obyektlarida o‘rganish ishlari olib borildi. Jami 59 ta obyektning texnologik jarayonlari va atmosfera havosiga chiqariladigan tashlamalari xususiyatlari tahlil qilindi.




O‘rganish natijalari ekologik nazoratni barcha obyektlarga bir xil yondashuv asosida emas, balki ularning texnologik jarayonlari, atmosferaga chiqariladigan tashlamalar xususiyati va atrof-muhitga ta’sir darajasidan kelib chiqqan holda tashkil etish zarurligini ko‘rsatdi. Shu asosda avtomatik monitoring stansiyalarini uzluksiz nazorat talab etiladigan, ekologik ta’siri yuqori bo‘lgan obyektlarda joriy etishga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Natijada 15 ta obyektda avtomatik monitoring stansiyalarini o‘rnatish zarur deb topildi. Qolgan obyektlarda esa mavjud texnologik jarayonlar va tashlamalar xususiyati uzluksiz avtomatlashtirilgan nazoratni talab etmasligi aniqlandi.
Mazkur tamoyil bir vaqtning o‘zida ikki muhim vazifani hal etish imkonini beradi: ekologik xavf mavjud bo‘lgan obyektlarda nazorat samaradorligini oshirish va uzluksiz avtomatik monitoring talab etilmaydigan obyektlarda ortiqcha uskunalarni o‘rnatish bilan bog‘liq xarajatlarning oldini olish. Ya’ni monitoring vositalari ehtiyoj va ekologik xavf darajasiga mos ravishda yo‘naltirilmoqda.
Ayni paytda avtomatik monitoring stansiyalarini o‘rnatish zarur deb topilgan obyektlarda tegishli ishlar boshlangan. Bu jarayon ekologik xavfsizlik talablarini ta’minlash bilan birga, mavjud resurslardan oqilona va maqsadli foydalanishga qaratilgan.