“Navoiyuran”: uran qidiruv ishlarida yangi bosqich
O‘zbekiston Respublikasining “Yer qa’ri to‘g‘risida”gi qonuniga so‘nggi yillarda qator o‘zgartirishlar kiritildi. Ushbu o‘zgarishlar geologiya-qidiruv ishlari, ekologik xavfsizlik va uran qazib olish jarayonlariga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Mamlakatdagi eng yirik davlat korxonalaridan biri – “Navoiyuran” DK tarkibidagi “Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy-ishlab chiqarish markazi tomonidan olib borilayotgan izlanishlar yangi qonunchilik talablariga moslashib bormoqda.
Xo‘sh, qonunchilikdagi o‘zgarishlar va uning faoliyatimizga qanday ta’siri bor? So‘nggi yillardagi huquqiy yangiliklar geologik tadqiqotlar va qazib olish jarayonlarini yanada aniqroq tartibga solishga qaratilgan. Xususan, yer qa’ridan foydalanish tartibi takomillashtirildi (uran qidiruv ishlari uchun ekologik monitoring majburiy holga keltirildi), litsenziyalash jarayoni murakkablashtirildi (uran va boshqa strategik minerallarni izlash uchun qo‘shimcha ekspertizalar talab qilinmoqda), ekologik xavfsizlik choralari kuchaytirildi (radiatsion monitoring va chiqindilarni boshqarish qat’iy belgilangan), davlat nazorati oshirildi (uran konlari va geologik izlanishlar bo‘yicha muvofiqlashtirish tizimi kuchaytirildi), resurslardan oqilona foydalanish boshlandi (uran qazib olish va geologik tadqiqotlarni xalqaro standartlarga muvofiq olib borish tartibi ishlab chiqildi).
Ushbu Qonun bilan “Navoiyuran” DK oldiga ham bir qator vazifalar qo‘yildi hamda ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun chora-tadbirlar belgilab olingan. Jumladan, “Navoiyuran” DK geologiya-qidiruv va uran qazib olish jarayonlarini xalqaro tajriba asosida rivojlantirish hamda konchilik faoliyatini samarali tashkil etish va ekologik xavfsizlik talablariga to‘liq javob berish bo‘yicha quyidagi vazifalarni amalga oshirish belgilangan.
Xususan, uran resurslarini kengaytirish maqsadida 2025-yilda uran zaxiralarini va resurslarini oshirish, buning uchun istiqbolli hududlar va ma’danli maydonlarda burg‘ilash ishlarini jadallashtirish, burg‘ilash va qazib olish jarayonlarida ilg‘or innovatsion texnologiyalarni joriy etish va qo‘llash, atrof-muhit muhofazasini ta’minlash, ya’ni ekologik xavfsizlik bo‘yicha xalqaro talablarga mos keluvchi monitoring tizimini takomillashtirish, yetakchi uran qazib oluvchi davlatlar bilan xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish va rivojlantirish asosiy vazifalar hisoblanadi.
“Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy-ishlab chiqarish markazi tomonidan joriy 2025-yilda quyidagi ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilishi va qator natijalarga erishishi kutilmoqda.
Geologiya-qidiruv ishlari natijasida strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yangi istiqbolli maydonlarni aniqlash orqali yangi uran zaxiralari va bashorat resurslarini o‘stirish, yangi texnologiyalarni qo‘llash natijasida burg‘ilash samaradorligini oshirish hamda tannarx xarajatlarini kamaytirish, uran va noyob metallar minerallashuvini aniq baholash uchun ilg‘or laboratoriya tadqiqotlari va tahlil ishlarini olib borish, uran qazib olish jarayonining har bir bosqichi ekologik va iqtisodiy jihatdan xalqaro talablar asosida hamda xalqaro standartlarga mos baholash tizimi joriy qilinadi.
Yangi qonunchilik va zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi samarasida Navoiyuran” DKga xalqaro maydonda yuqori reytinglarni qo‘lga kiritish imkoniyati yaratiladi. Xususan, jahon uran bozorida ishonchli yetkazib beruvchi sifatida e’tirof etilish, xalqaro konchilik va ekologik standartlarga mos keluvchi ishlab chiqarish jarayonini shakllantirish, uran qazib olish samaradorligini oshirish va energiya xavfsizligi borasida yetakchi davlatlar qatoriga kirish bo‘yicha natijalarga erishiladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, yangi qonunchilik talablariga muvofiq, “Navoiyuran” DK tomonidan olib borilayotgan geologik tadqiqotlar bosqichma-bosqich takomillashtirilmoqda. Ushbu yangilangan tizim uran qazib olish samaradorligini oshirish bilan birga, ekologik xavfsizlik talablariga ham to‘liq mos kelishini ta’minlaydi. Natijada, “Navoiyuran” DK xalqaro uran qazib oluvchi yirik korxonalar qatoriga kirishi va global reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallashi kutilmoqda.
Zafar Rahimov, “Navoiyuran” DK tarkibidagi “Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy ishlab chiqarish markazi direktori