“Navoiyuran” DK va “Cauldron Energy” Yanrey Uranium Project loyihasini amalga oshirishda hamkorlik qiladi
“Navoiyuran” DK hamda Avstraliyaning “Cauldron Energy” kompaniyasi G‘arbiy Avstraliyadagi Yanrey uran loyihasini birgalikda rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Mutaxassislarning bildirishicha, mazkur bitim “Navoiyuran” DKning xalqaro faoliyat geografiyasini kengaytirish va dunyo uran ta’minot zanjirlaridagi o‘rnini mustahkamlash strategiyasidagi yangi bosqichdir.
“Navoiyuran” DKning Xalqaro hamkorlik asosida investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish Loyiha ofisi joriy yil iyun oyida Sidneydagi Jahon yadro yoqilg‘i bozori (WNFM) konferensiyasida korxona faoliyati va yutuqlari to‘g‘risida taqdimot bilan ishtirok etdi va mazkur tadbir doirasida “Heatgate Resources”, “Boss Energy”, “Alligator Energy” hamda Avstraliya Konchilik Kengashi hamda boshqa uran qazib oluvchi yirik kompaniyalar bilan aloqalar o‘rnatdi. Aynan shu muloqotlar natijasida Cauldron Energy bilan yangi loyiha yuzasidan anglashuv memorandumi (MOU) va maxfiylik to‘g‘risida bitim (NDA) imzolandi. Bu kelishuv Yanrey konida uranni yer osti (ISR) usulida qazib olish imkoniyatlarini chuqur o‘rganishga va texnik hamkorlikka yo‘l ochadi.
Cauldron Energy o‘zining Avstraliyadagi loyihalar portfelini boyitish maqsadida xalqaro tajribaga ega strategik sherik sifatida “Navoiyuran” DK bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi. Mutaxassislar hamkorlik natijasida Yanrey koni dunyodagi barqaror yadro yoqilg‘isi ta’minotiga hissa qo‘shuvchi yirik loyiha bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.
 
                                             
                                            