“Navoiyuran” DK va Iordaniyaning JUMCO kompaniyasi o’rtasida hamkorlik aloqalari o‘rnatildi
“Navoiyuran” DK ning Xalqaro hamkorlik asosida investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha Loyiha ofisi tomonidan chet elda uran qazib olish yo‘nalishida keng ko‘lamli muzokaralar olib borilmoqda. Joriy yilning avgust oyida “Navoiyuran” DK Kuzatuv kengashi yig‘ilishida O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri– Kuzatuv kengashining raisi B.F.Islamov tomonidan Iordaniya bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish topshirig‘i ijrosi doirasida, “Navoiyuran” davlat korxonasi va Iordaniyaning Uran qazib olish kompaniyasi (JUMCO) bilan Iordaniyada qo‘shma loyiha amalga oshirish bo‘yicha dastlabki muzokaralar o‘tkazildi. Xususan, Iordaniya Investitsiyalar vazirligining investitsiyalarni rag‘batlantirish departamenti xalqaro aloqalar va marketing loyihalari boshlig‘i Suleyman Quraan hamda JUMCO bosh direktori Muhammad Al-Shannag’ bilan videoaloqa orqali (onlayn) uchrashuvlar o‘tkazildi va elektron ma’lumot almashinuvlar amalga oshirildi.
2013–yilda tashkil etilgan JUMCO Iordaniyada radioaktiv ma’danlarni “o‘rganish va o’zlashtirish” bilan shug‘ullanishi, uran mineral resurslarini qazib olish hamda ushbu sohada xorijiy investorlarni jalb etishga vakolatli bo’lgan milliy kompaniya hisoblanadi.
Olib borilgan muzokaralar natijasida “Navoiyuran” DK va JUMCO o‘rtasida maxfiylik to‘g‘risidagi kelishuv (NDA) imzolandi. Mazkur kelishuv doirasida Iordaniyaning uranga istiqbolli hisoblanadigan maydonlarini geologik nuqtai nazaridan batafsil o‘rganish hamda uranga geologiya-qidiruv ishlarini olib borish imkoniyatlarini baholash uchun qo‘shimcha ma’lumotlar olishga asos bo‘ladi. Ushbu ma’lumotlarni joyida o‘rganish va yaqindan tanishish maqsadida “Navoiyuran” DK ishchi guruhining Iordaniyaga tashrifi rejalashtirilgan.