“Navoiyuran” davlat korxonasining ESG reytingi 55 balldan 61 ballgacha ko’tarildi
“Navoiyuran” davlat korxonasi xalqaro reyting agentligi Sustainable Fitch tomonidan ESG (Environmental, Social, Governance) reytingi tasdiqlanib, umumiy ball 55 dan 61 gacha oshirilgani haqida mamnuniyat bilan ma’lum qiladi. Korxonaning ESG reytingi “3” darajada saqlab qolindi.
Sustainable Fitch bahosiga ko‘ra, ushbu natija “Navoiyuran” DKning aniq va tizimli barqarorlik strategiyasi, ESG yo‘nalishida olib borilayotgan izchil transformatsiya hamda korxonada tashkil etilgan kuchli korporativ boshqaruv tizimi samarasi hisoblanadi. Reyting ballining oshirilishi korxonaning ESG boshqaruvini takomillashtirish borasidagi amaliy sa’y-harakatlari xalqaro miqyosda e’tirof etilganini tasdiqlaydi.
Reyting hisobotida “Navoiyuran” tomonidan ishlab chiqarilayotgan tabiiy uran – atom energetikasi orqali issiqxona gazlari chiqindilarisiz energiya ishlab chiqarishga xizmat qilishi ijobiy omil sifatida baholandi. Bu esa global miqyosda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashga qo‘shilayotgan muhim hissa sifatida e’tirof etildi.
Atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishida korxonaning keng qamrovli ekologik strategiyasi, asosiy ekologik ko‘rsatkichlarning ochiq e’lon qilinishi, shuningdek, so‘nggi yillarda ekologik hodisalarning qayd etilmaganligi ijobiy baholandi.
Ijtimoiy yo‘nalishda korxonaning inson huquqlari va mehnat munosabatlari bo‘yicha tasdiqlangan siyosatlari, mehnat sharoitlarining yuqori darajadaligi hamda so‘nggi uch yil davomida ijtimoiy hodisalarning qayd etilmaganligi yuqori bahoga sazovor bo‘ldi. Bundan tashqari, gender tengligi bo’yicha korxonada olib borilayotgan keng qamrovli ishlar, xususan, korxona boshqaruvida ayol xodimlar ishtiroki ortganligi alohida qayd etildi. Ushbu omillar “Navoiyuran” DK xodimlar uchun xavfsiz, barqaror va teng huquqli mehnat muhitini shakllantirishga alohida e’tibor qaratayotganini ko‘rsatadi.
Korporativ boshqaruv sohasida kompaniyaning milliy va xalqaro boshqaruv standartlariga muvofiq faoliyat yuritishi, Kuzatuv kengashi va Bosh direktor vakolatlarining aniq ajratilgani boshqaruvda muvozanat, shaffoflik va mas’uliyatni ta’minlayotgani ijobiy baholandi.
Mazkur ESG reyting natijalari “Navoiyuran” davlat korxonasining mas’uliyatli boshqaruv, barqaror rivojlanish va ochiqlik tamoyillariga amal qilayotgan ishonchli va barqaror kompaniya sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi hamda Yangi O‘zbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda munosib hissa qo‘shayotganini tasdiqlaydi.