“Yuksalish” mahallasida fuqarolar qabuli o’tkazildi hamda muammolar o‘rganildi
“Navoiyuran” davlat korxonasi Bosh direktori Djamal Fayzullayev Konimex tumani hokimi Ruslan Ro’ziyev bilan birgalikda korxona rahbariga biriktirilgan “Yuksalish” mahallasida sayyor qabul o’tkazdi.
Hudud aholisi bilan doimiy muloqot qilish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni hal etishning samarali mexanizmini joriy etish korxona rahbariyati oldidagi muhim vazifalardandir.
Aholi murojaatlarini eshitish hamda ularning muammoli masalalariga ijobiy yechim topishda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida o‘tkazilgan sayyor qabulda fuqarolar bilan birma-bir muloqot qilindi.
Sayyor qabulda 40 ga yaqin fuqarolar ishtirok etib, murojaatlar asosan ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash, kambag’al oilalarga yordam ko’rsatish va ijtimoiy himoya qilish masalalarida bo’ldi.
Xususan, ma’lum bir malaka va hujjatga ega fuqarolar yo’nalishlari bo’yicha “Navoiyuran” davlat korxonasiga ishga joylash choralari ko’rildi va qolganlari bo’yicha malakalarini oshirish hamda o’qitish orqali bandligini ta’minlash bo’yicha vazifalar belgilandi.
Korxona rahbari “Yuksalish” mahallasida tadbirkorlik loyihalariga keng yo’l ochish, faoliyatini kengaytirish, tomorqadan unumli foydalanish orqali aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish, kambag’allikdan chiqarish boʻyicha olib borilayotgan ishlar o’rganildi.
Bugungi kunda mazkur mahalla fuqarosi, yerning hadisini olgan mirishkor dehqon Sunnatillo Hamdamov xonadonida o’ndan ortiq mahsulotlar va turli mevalar yetishtirish yo’lga qo’yilgan.
2 sotix issiqxonasidan 2 tonnadan ziyod limon hamda 10 ming tupga yaqin qulupnay ko‘chati yetishtirib sotgan.
Shuningdek, xonadonda baliq yetishtirish, qo’ychilik va parranda boqishni ham yo‘lga qo‘yib, nafaqat o’z oilasini, shu bilan bir qatorda aholini ham sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlab kelmoqda.
Jarayonda rahbarlar aholini kambag’allikdan chiqarish, tomorqadan foydalanish bo’yicha tajribani kengaytirish borasida taklif va ko’rsatmalarini berishdi.
Shuningdek, korxona rahbari mahallada xonadonma xonadon yurib, ko‘plab oilalar vakillari bilan uchrashdi hamda ular bilan samimiy suhbat qilindi, muammo va takliflari eshitildi. Uy-joyi ta’mirga muhtoj, moddiy yordamga va davolanishga ehtiyoji bor oilalarga amaliy ko‘mak ko‘rsatish masalalarini ko‘rib chiqish topshirig‘i berildi.
Fuqarolar bilan muloqot qilish va mavjud muammolarni o‘rganishdan asosiy maqsad, mahallani kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish ekanligi ta’kidlandi.


















