“Navoiyuran” davlat korxonasi Bosh direktori Djamal Fayzullayevning 30-iyul — Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan bayram tabrigi
Hurmatli hamkasblar, qadrli do’stlar!
Sizlarni 30-iyul — Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan samimiy muborakbod etaman! Bu muborak sana — yurtimizdagi barcha millat va elatlarning hamjihatlikda, o‘zaro hurmat, do‘stlik va bag‘rikenglik muhitida yashab, yagona Vatan ravnaqi uchun yelkadoshlikda mehnat qilayotganini yana bir bor ulug‘laydigan bayramdir.
Bugungi kunda O‘zbekistonda millatlararo totuvlikni ta’minlash, turli madaniyat va e’tiqod egalarining o‘zaro hurmat asosida yashashi uchun zarur barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari ahil va inoq hayot kechirmoqda, 160 dan ziyod milliy-madaniy markazlar faoliyat yuritmoqda. Hozirda yurtimizda 16 ta diniy konfessiya vakillari o‘z e’tiqodiga ko‘ra erkin yashash va ibodat qilish imkoniga egadirlar.
Shu qutlug‘ jarayonda “Navoiyuran” davlat korxonasi ham ko‘p millatli mehnat jamoasi sifatida o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Korxonamizda turli millat va elat vakillari bir oiladek, o‘zaro hurmat va hamkorlik muhitida samarali faoliyat olib bormoqda. Bu esa ishonch va barqarorlikni, ishlab chiqarish jarayonidagi yuksak natijalarni ta’minlovchi muhim omillardan biriga aylangan.
Bugungi bayram barchamizni insonparvarlik, bag‘rikenglik va hamjihatlik g‘oyalariga yanada sodiq qolishga da’vat etadi. Shu o‘rinda barchangizni yana bir bor Xalqlar do‘stligi kuni bilan muborakbod etaman! Sizlarga tinchlik, totuvlik va sihat-salomatlik tilayman. Yurtimizdagi millatlararo do‘stlik va hamjihatlik muhiti bardavom bo‘lsin!