2025-yil - Atrof-muhitni asrash va "yashil iqtisodiyot" yili
X

Biz haqimizda

"Navoiyuran" davlat korxonasi 2022 yil yanvar oyida "Navoiy KMK"AJni isloh qilish natijasida tashkil etilgan.

Kontakt

  • Inspektorlar 7, 210100, O'zbekiston Respublikasi, Navoiy viloyati, Navoiy shahri
  • info@navoiyuran.uz
  • Ofis ish vaqti: Dushanba - Juma 08:00 - 17:00 Shanba-Yakshanba: Yopiq

Sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexi — 40 yillik mehnat va yangilanish tarixi

1985-yil 20-oktyabr kuni ishga tushirilgan Sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexi — “Navoiyuran” davlat korxonasining strategik ahamiyatga ega bo‘lgan asosiy bo‘linmalaridan biri hisoblanadi. Sex tashkil etilgan kundan boshlab mamlakatimizda uran mahsulotini ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan sulfat kislotasi bilan barqaror ta’minlash vazifasini muvaffaqiyatli bajarib kelmoqda.

Hozirgi kunda sexda 310 nafar yuqori malakali ishchi-xodimlar faoliyat yuritmoqda. Mehnat jamoasiga tajribali mutaxassis, ishlab chiqarishni mukammal tashkil qilgan rahbar — Erali Vasiyev boshchilik qilmoqda.

Sexda so‘nggi uch yil ichida qator yirik texnik va texnologik modernizatsiya ishlari amalga oshirildi. Eritish bo‘limidagi ikkita qumoqli oltingugurt eritish qurilmasi zamonaviy yangi agregatlarga almashtirildi, omborxonadagi 2 900 m³ hajmli kislota saqlash sig‘imi to‘liq yangilandi, suvni tuzsizlantirish bo‘limida olti dona filtr qurilmasi yangisiga almashtirildi, quritish-absorbsiya bo‘limida kislota sovutgichlar yangilanib, ishlab chiqarish samaradorligi oshirildi, sex bo‘ylab 20 dan ortiq nasos qurilmalari zamonaviy, energiya tejamkor uskunalarga almashtirildi, 110 kVt bosh podstansiyadagi 10 kVt va 6 kVt taqsimlovchi qurilmalar hamda TP-8 va TP-46 transformatorlari yangilandi, elektr energiyasini tejash maqsadida texnologik uskunalarga chastota o‘zgartirish qurilmalari o‘rnatildi, nazorat-o‘lchov va avtomatika qurilmalari esa to‘liq zamonaviy standartlarga mos holda almashtirildi.

Bu yangilanishlar natijasida sex ishlab chiqarish quvvati va ishonchliligi oshdi, energiya sarfi va mahsulot tannarxi kamaydi.

2022-yilda sexda 517 000 tonna sulfat kislotasi ishlab  chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 550 000 tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Bu esa o‘tgan yilgi natijaga nisbatan 107,8 foiz ko‘rsatkichni tashkil etadi. Sex faoliyatining 40 yili davomida umumiy hisobda 15 million 400 ming tonna sulfat kislotasi ishlab chiqarildi — bu ko‘rsatkich “Navoiyuran” tarixidagi katta yutuqlardan biri hisoblanadi.

Sexda innovatsiyalar va mahalliylashtirish — yangi bosqichda olib borilmoqda. So‘nggi yillarda sexda ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish, import o‘rnini bosuvchi mahalliylashtirilgan uskunalarni ishlab chiqish hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirish borasida bir qator muhim ishlar qilindi. Jumladan, binolarni isitish va issiq suv ta’minoti tizimi qurilmasi” loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilib, ishlab chiqarishda foydalanishga topshirildi, chiqindi bug‘larni qayta suvga aylantiruvchi kondensatorlar ishlab chiqildi va joriy etildi, natijada texnik suv tejalishi va qayta foydalanish yo‘lga qo‘yildi, 900XNG-5-5-M11/25G-9-2 rusumli kislota sovutgichlari mahalliylashtirildi — endilikda ular sexning o‘zida ishlab chiqariladi, oltingugurt eritish qurilmasi mahalliy sharoitda yangidan tayyorlanib, ishlab chiqarish jarayonida samarali qo‘llanilmoqda, sexda “Ekstruder” qurilmasi ishlab chiqilib, foydalanishga topshirildi, geotexnologik konlar uchun polietilen quvurlar va KDF filtrlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi, shuningdek, burg‘ilash dastgohlari uchun yetakchi shtangalar ham mahalliy ishlab chiqarish orqali tayyorlanmoqda.

Bu loyihalar nafaqat ishlab chiqarish samaradorligini oshirdi, balki import mahsulotlardan bog‘liqlikni kamaytirib, milliy sanoat salohiyatini mustahkamladi.

Fidoyi mehnatkashlar — sexning asosiy boyligi hisoblanadi. Sexning bugungi yutuq va muvaffaqiyatlarida ko‘p yillik tajribaga ega, o‘z kasbini sidqidildan sevgan fidoyi mutaxassislar katta hissa qo‘shmoqda. Ular orasida Jumaqul Rayimov, Natalya Xalturenskaya, Sanjar Qodirov, Dilya Kononova, Nailya Komova, Utkirjon Shopulatov, Ziyodulla Abduraxmonov, Mansur Ostonov, Akmal Shodiyev, Sohibjon Qobilov, Abbos Akmalov, Alpomish Alijonov, Farxod Burxonov, Ilyas Yesmaxanov, Xashim Sabirov, Abdug‘ani Pokiyev, Torexan Baydullayev, To‘raqul Amonov kabi soha fidoyilari bor. Ularning ko‘pchiligi “Navoiyuran faxriysi” unvoni hamda “Konchilik shuhrati” medallari bilan taqdirlangan. Bu esa ularning mehnati va sadoqati yuksak baholanayotganining yorqin ifodasidir.

Sexning kelgusi rejalari katta — to‘liq modernizatsiya, ishlab  chiqarish hajmini oshirish, energiya sarfini kamaytirish va ekologik xavfsizlikni kuchaytirish ustuvor yo‘nalishlardan hisoblanadi. Quritish-absorbsiya bo‘limida kislota sovutgichlarini yangilash, kislota va suv sig‘imlarini zamonaviy materiallar asosida almashtirish, suyuq oltingugurt filtrlari va nasos qurilmalarini yangilash, OU-70/020 qozonini zamonaviy modeliga almashtirish hamda qo‘shimcha kompressor va gradirnya qurilishini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Bu ishlar sex faoliyatini yangi texnologik bosqichga olib chiqishi, mamlakatimiz sanoat rivojiga munosib hissa qo‘shishi shubhasiz.

Xulosa o‘rnida aytganda o‘tgan 40 yil davomida Sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexi nafaqat “Navoiyuran”ning, balki butun respublika kimyo-sanoat tarmog‘ining muhim bo‘g‘ini sifatida ulkan yo‘lni bosib o‘tdi. Bu tarix — fidoyi insonlar mehnati, ilmiy yondashuv, yangilanish va ilg‘or texnologiyalar tarixidir.

Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz hamkasblar!

Sahifalar

Category

Skip to content