Korxona vakillari IAEA texnik yig‘ilishida ekologik innovatsiyalar bilan ishtirok etdilar
2025-yil 28–31 oktyabr kunlari Avstriyaning Vena shahrida Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlik (IAEA) tomonidan “Uran qazib olish va qayta ishlashda atrof-muhitni muhofaza qilishning eng ilg‘or amaliyotlari” mavzusidagi texnik yig‘ilish tashkil etildi. Mazkur yig’ilishda “Navoiyuran” davlat korxonasi vakillari ham ishtirok etdilar.
Korxona boshqarmasining atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i Aminjon Xayitmurotov hamda xalqaro hamkorlik asosida investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha loyiha ofisi bosh mutaxassisi Rajabbek Teshayevdan iborat ishchi guruh mazkur tadbirda taqdimot bilan qatnashdi.
Yig‘ilish davomida IAEA mutaxassislari va dunyoning yetakchi uran ishlab chiqaruvchi kompaniyalari ekologik boshqaruv sohasidagi ilg‘or amaliyotlarini taqdim etdilar. O‘z navbatida, “Navoiyuran” DK mutaxassislari korxonada joriy etilgan ekologik toza uran qazib olish usullari, barqaror rivojlanish maqsadlari (SDG) doirasida olib borilayotgan ishlar hamda ESG reytingi bo‘yicha erishilgan yutuqlar haqida ma’lumot berdilar.
IAEA mutaxassislari va xorijiy delegatlar “Navoiyuran” DKning uran ishlab chiqarishda ekologik mas’uliyat, barqaror boshqaruv va innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadilar.
Shuningdek, hozirda dunyo miqyosida yagona bo‘lgan va “Navoiyuran” DK mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilib, patentlangan “Uranni yer ostida kislorodli ishqorlash usulida qazib olish” texnologiyasining iqtisodiy hamda ekologik afzalliklari haqida qisqacha ma’lumot taqdim etildi.
Taqdimot yakunida ilg‘or davlatlar vakillari mazkur texnologiyaning atrof-muhitga ijobiy ta’siri, ko‘p qirrali ahamiyati hamda kelajakdagi istiqbollarini alohida e’tirof etdilar.
Bundan tashqari, tadbir davomida sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan atrof-muhit monitoringi tizimlari namoyish etildi. Korxona ishchi guruhi vakillari faol “networking” uchrashuvlarini o‘tkazib, tajriba almashish va kelgusida hamkorlikni kengaytirish borasida o‘zaro qiziqish bildirgan tomonlar bilan muloqotlar olib bordilar.


 
                                             
                                            