2025-yil - Atrof-muhitni asrash va "yashil iqtisodiyot" yili
X

Biz haqimizda

"Navoiyuran" davlat korxonasi 2022 yil yanvar oyida "Navoiy KMK"AJni isloh qilish natijasida tashkil etilgan.

Kontakt

  • Inspektorlar 7, 210100, O'zbekiston Respublikasi, Navoiy viloyati, Navoiy shahri
  • info@navoiyuran.uz
  • Ofis ish vaqti: Dushanba - Juma 08:00 - 17:00 Shanba-Yakshanba: Yopiq

“Navoiyuran” DK Bosh direktori Djamal Fayzullayevning 11 noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan korxona mehnat jamoasiga tabrigi

Hurmatli hamkasblar, aziz mehnatkashlar!

Avvalo, siz azizlarni, sizlar orqali korxonamizdagi yuzlab mehnatkashlar, kasaba uyushmalarining fidoyi faollari va faxriy a’zolarini O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni bilan chin dildan tabriklayman. Barchangizga yuksak hurmat va minnatdorligimni bildiraman.

11 noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuniga mehnatkashlar bayrami, umumxalq bayrami maqomi berilgani Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan, inson qadri va uning sha’nini ulug‘lashga qaratilgan xalqparvar siyosatning amaliy tasdig‘idir.

Kasaba uyushmasi deganda a’zolarining mehnatga oid huquq va manfaatlari himoyachisi, mehnat jamoalarida xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, ish vaqtimiz, bo‘sh vaqtimiz mazmunli o‘tishi bilan shug‘ullanuvchi yirik tashkilot ko‘z oldimizda gavdalanadi.

Ular bugun ish joylarida ijtimoiy barqarorlikni saqlashda muhim poydevor vazifasini bajarmoqda.

Shu bilan birga, “Navoiyuran” davlat korxonasidagi 6-Birlashgan kasaba uyushmasi Qo‘mitasi boshchiligidagi 28 ta kasaba uyushma qo‘mitalari 10400 nafardan ortiq a’zolarni birlashtirgan holda, mehnatkashlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning munosib turmush darajasini ta’minlash, sog‘lom va xavfsiz mehnat muhitini yaratish yo‘lida amaliy ishlar olib bormoqda.

Samarali mehnat qilish va uning rohatini ko‘rish — har bir inson hayotining ma’no-mazmunidir. O‘z oldimizga qo‘ygan ulkan va ezgu vazifalarni amalga oshirish, “Inson qadri uchun” degan olijanob g‘oyani korxonamizda qaror toptirish, mehnatni farovonlik va baxt manbaiga aylantirish ko‘p jihatdan kasaba uyushmalari va ularning samarali faoliyatiga ham bog‘liqdir.

Bugun kasaba uyushmalarimiz shubhasiz ushbu tamoyil asosida bag‘rikenglik, hamjihatlik, adolat va mehnatkash insonga hurmat bilan yondashish fazilatlarini o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishi qilib olgan.

Ular nafaqat himoyachi, balki mehnatkashlarning do‘sti, maslahatchisi, tashabbuskoriga aylangani — bugungi kunda barchamizning faxrimizdir.

Aziz do‘stlar!

So‘nggi yillarda korxonamizda amalga oshirilgan islohotlar va keng ko‘lamli loyihalarda kasaba uyushmalarining faol ishtiroki muhim ahamiyat kasb etdi.Bu natijalar — jamoamizning birdamligi, mehnatkashlar fidoyiligi va kasaba uyushmalari qo‘llab-quvvatlovining amaldagi yorqin ifodasidir.

Shuningdek, joriy yildagi ijtimoiy tashabbuslar ham diqqatga sazovor. Xususan, 1545 nafar ishchi-xodim va 173 nafar pensioner sog‘lig‘ini tiklash uchun sanatoriy va profilaktoriyalarga yuborildi. 1887 nafar bola respublika miqyosidagi oromgohlarda dam oldi. 1362 nafar mehnatkash va faxriylar uchun mamlakatimizning tarixiy shaharlariga turistik sayohatlar tashkil etildi. Ehtiyojmand xodimlar va pensionerlarga qariyb 800 million so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi.

Bu kabi ezgu ishlar ortida, shubhasiz, kasaba uyushmalarining mehnatkash insonga bo‘lgan e’tibori va g‘amxo‘rligi yotadi. Ular har bir a’zosining quvonchi va tashvishini o‘zlariniki deb biladi, mehnatkashlarning qadrini ulug‘laydi.

Faxriylarimizga ham chuqur minnat-dorlik bildiraman. Sizlar o‘z fidokorona mehnatingiz va tajribangiz bilan yosh avlod uchun namuna maktabi bo‘lib xizmat qilmoqdasiz. Kasaba uyushmalarining an’analarini asrab-avaylash va yangi avlodga yetkazishdagi hissangiz beqiyos.

Hurmatli hamkasblar!

Bugun korxonamizda ijtimoiy adolat, barqarorlik va mehnat madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Biz birgalikda mehnat muhitini zamonaviylashtirish, og‘ir qo‘l mehnatini kamaytirish, avtomatlashtirilgan tizimlarni joriy etish, ishchi-xodimlar uchun munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish yo‘lida izchil harakat qilmoqdamiz.

Bu jarayonda kasaba uyushmalari hamon ilg‘or tashabbuskorlar safida, mehnatkashlarning ishonchli tayanchi bo‘lib qolmoqda.

Ular jamoa fikrini davlat siyosati bilan uyg‘unlashtirishda, mehnatkash inson manfaatlarini davlat manfaati bilan uyg‘unlashtirishda muhim ko‘prik vazifasini bajarmoqda.

Shubhasiz, bugungi yutuqlarimiz, ertangi rejalarimiz va yuksak maqsadlarimiz kasaba uyushmalarining birdamligi va mas’uliyatli faoliyati bilan uzviy bog‘liq.

Bugun korxonamiz jahonga yuz tutayotgan bir paytda xodimlarning kasbiy, mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini ta’minlash tizimini yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda va siz, azizlar bu borada har tomonlama faollik ko‘rsatasiz, deb ishonaman.

Aziz do‘stlar!

Sizlarni bugungi qutlug‘ ayyom bilan yana bir bor samimiy tabriklayman! Mustahkam sog‘lik, tinch va totuv hayot, oilangizga fayzu baraka, mas’uliyatli va sharafli ishlaringizda esa yangi yutuqlar yor bo‘lishini tilayman.

Kasaba uyushmalarining hamjihatlik va birodarlik an’analari yanada mustahkam-lansin, mehnatkashlarimizning jipsligi va fidoyiligi “Navoiyuran”ning yangi yutuqlariga zamin bo‘lsin!

Yurtimiz tinch, mehnatimiz barakali, jamoamiz hamjihat bo‘lsin!

Sahifalar

Category

Skip to content