2025-YIL YAKUNLARI: YUKSAK MAQSADLI REJALAR BELGILANDI
“Navoiyuran” davlat korxonasida Bosh direktor Djamal Fayzullayev rahbarligida 2025-yilda uran ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining bajarilishi, erishilgan natijalar va mavjud muammolar hamda 2026-yil uchun belgilangan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Bosh direktorning o‘rinbosarlari, direktorlar, departament, boshqarma, bo‘lim va xizmat rahbarlari, shuningdek tarkibiy bo‘linmalardagi mas’ul rahbarlar ishtirok etdi.
Bosh direktor o‘z nutqida korxonaning 2025-yil faoliyati ko‘rsatkichlari bo‘yicha aniq raqamlar tahliliga asoslangan erishilgan natijalarga to‘xtaldi hamda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanilmaganligi muhokama qilindi.
“Biz ishlab chiqargan uran mahsuloti – Vatanimizning kundan kunga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida, jahonda o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lishida, xalqimizning ertaga emas, bugun munosib hayot kechirishi uchun tobora muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. Mana shu haqiqatni chuqur his etib, barchamiz birlashib harakat qilsak, har qanday yuksak marrani zabt etishga qodirmiz”, – dedi korxona rahbari o‘z so‘zida.
Shuningdek, o‘tgan hisobot davrida uran ishlab chiqarish, uran geologiyasini rivojlantirish, yangi konlarni aniqlash va zaxiralarni o‘stirish yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlar yuksak baholandi.
Yig‘ilishning asosiy qismida uran ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari va ularni bajarish bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama etildi. Bosh muhandis Anvarjon Saparov 2025-yilda uran ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining bajarilishi, erishilgan natijalar va mavjud muammolar hamda 2026-yil uchun belgilangan ustuvor vazifalarga qaratilgan aniq takliflarini bildirdi.
Muhokamalar jarayonida tarkibiy bo‘linmalar va geotexnologik konlar rahbarlari ishlab chiqarishdagi ustuvor vazifalar va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan choralar yuzasidan ma’lumot berishdi.
Yig‘ilishda mahsulot tannarxini kamaytirish, mehnat unumdorligini oshirish hamda mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi, investitsion loyihalarni amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlar belgilab olindi.
Xususan, moddiy-texnik ta’minot xarajatlarini maqbullashtirish, tejamkor ishlab chiqarish va me’yorlash tamoyillarini joriy etish, resurslardan foydalanishda suiiste’molchilikka yo‘l qo‘ymaslik uchun ichki nazorat va komplayens tizimini kuchaytirish, yordamchi funksiya va xizmatlarni autsorsingga topshirish, zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish orqali ishlab chiqarish va boshqaruv operatsiyalarini avtomatlashtirish, tashkiliy tuzilma va kadrlar sonini maqbullashtirish, xodimlar tashabbuslarini rag‘batlantirish, energiya auditi o‘tkazish orqali energiya resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish lozimligi qayd etildi.
Shuningdek, korxonada kadrlar salohiyatini oshirish borasida ham bir qator chora-tadbirlarni belgilab olish zarurligi ta’kidlandi.
Buning uchun yangi burg‘ilash brigadalarini shakllantirish va mavjudlarining malakalarini oshirish uchun burg‘ilash uskunalarini boshqaruvchi mashinist va mashinist yordamchisi kasblari bo‘yicha xodimlarni tanlash va tayyorlash yuzasidan mas’ullarga qat’iy topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish yakunida korxona bo‘linmalari oldiga ishlab chiqarish hajmini oshirish, texnologik quduqlar sifatini yaxshilash, geotexnologik konlarning tarkibini qayta ko‘rib chiqish, ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy etish, burg‘ilash va geologiya-qidiruv ishlarining samaradorligini oshirish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.
Belgilangan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish “Navoiyuran” davlat korxonasining 2026-yil davomida barqaror faoliyatini ta’minlash va yillik maqsadli ko‘rsatkichlarga to‘liq erishish uchun muhim asos bo‘lishi ta’kidlandi. Yig‘ilish tanqidiy va tahliliy ruhda o‘tdi, har bir rahbar va mutaxassis oldiga aniq, manzilli vazifalar qo‘yildi.








