2026-yil - Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili
X

Biz haqimizda

"Navoiyuran" davlat korxonasi 2022 yil yanvar oyida "Navoiy KMK"AJni isloh qilish natijasida tashkil etilgan.

Kontakt

  • Inspektorlar 7, 210100, O'zbekiston Respublikasi, Navoiy viloyati, Navoiy shahri
  • info@navoiyuran.uz
  • Ofis ish vaqti: Dushanba - Juma 08:00 - 17:00 Shanba-Yakshanba: Yopiq

Transport va logistika tizimlarida raqamlashtirish orqali korrupsiyaviy xavflarni minimallashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan farmon va qarorlaridan kelib chiqib, “Navoiyuran” davlat korxonasida ham transport va logistika yo‘nalishida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Korxona faoliyatida shaffoflikni oshirish, nazoratni kuchaytirish va raqamlashtirish jarayonlarining bosqichma-bosqich joriy etilishi bugungi kun talablariga to‘la mos keladi.

Transport tizimini raqamlashtirish borasida ATIL, 1S, “AZS navoiyuran”, “Kontrol GSM” tizimli dasturlari ishga tushirildi. Shuningdek, yoqilg‘i-moylash mahsulotlarini tarqatilishi va sarfini nazorat qilish maqsadida yoqilg‘i tarqatish kolonkalari va yoqilg‘i tarqatuvchi transport vositalariga “KVOTA” moslamasi, avtotransport vositalarining yoqilg‘i bakiga yoqilg‘i sathini o‘lchash moslamasi va yoqilg‘i sarfini doimiy nazorat qilish maqsadida yoqilg‘i sarfini o‘lchash moslamasi (rasxodomer) o‘rnatildi. Bu moslamalarning ishlab chiqarishga jalb qilinishi o‘z navbatida yoqilg‘i-moylash mahsulotlarining talon-taroj qilinishini oldini olish, transport vositalaridan samarali foydalanish va ularning ishini onlayn nazorat qidish imkonini bermoqda. Korxonada transport vositalari harakatini va texnik xizmat ko‘rsatish jarayonlarini to‘liq elektron kuzatib borish maqsadida an’anaviy qog‘oz shaklidagi yo‘l varaqalari o‘rniga QR-kodli elektron yo‘l varaqalari joriy etilmoqda. Bu jarayon “ATIL” axborot dasturi orqali amalga oshirilmoqda. ATIL dasturi avtotransport vositalari uchun yagona elektron ma’lumotlar bazasi bo‘lib, texnik xizmat va ta’mirlash ishlarini to‘liq qayd etish, servis markazlari bilan elektron hujjat aylanmasi, texnik xizmat bo‘yicha avtomatik eslatmalar, ehtiyot qismlar harakati va sarfini tahlil qilish, hisobotlarni yuklab olish imkoniyatlariga ega.

Bundan bir qator natijalar kutilmoqda. Xususan, texnik xizmat va ta’mirlash ustidan qat’iy nazorat, hujjatlar almashinuvining to‘liq raqamlashtirilishi, boshqaruv qarorlarini tez va aniq qabul qilish, transport vositalari holati va xarajatlarining avtomatlashgan monitoringini yuritish va boshqalar.

Shuningdek, texnologik transport vositalarining ishini doimiy onlayn nazorat qilish maqsadida “Markazalashtirilgan boshqaruv tizimi”ni yaratish rejalashtirilmoqda. Bundan asosiy maqsad transport vositalarining foydali ish koeffitsientini oshirish va rejalashtirilmagan to‘xtab qolishlarni oldini olish hisoblanadi.   

Bugun kunda transport sohasida autsorsing xizmatlari ham keng joriy etilmoqda. Korxona ehtiyojidan kelib chiqib, bir qator transport xizmatlari autsorsing asosida tashkil etildi. Jumladan, Navoiy-Zafarobod yo‘nalishi qatnovi bo‘yicha avtobuslar, yuk ko‘taruvchi kranlar, zanjirli buldozerlar, maxsus yuk avtomobillari va boshqa texnikalar xususiy operatorlardan jalb etilmoqda. Bu tadbir transport xizmati sifatini oshirish va xarajatlarni optimallashtirishga xizmat qilmoqda.

Transport xo‘jaliklarini takomillashtirish ham o‘zining samarasini bermoqda. Korxonada transport sohasida yuzaga kelayotgan muammolarni o‘z vaqtida hal etish maqsadida ishchi guruh tomonidan faoliyat tahlili o‘tkazildi. Tovar va xizmatlar harakatini tezkor nazorat qilish, xodimlar vakolatlarini aniq belgilash va tashkiliy tuzilmani optimallashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi. Xususan yoqilg‘i-moylash mahsulotlarini nazoratini kuchaytirish maqsadida “Yoqilg‘i-moylash mahsulotlarini nazorat qilish” bo‘limi tashkil etilmoqda.  

Shuningdek, “Zafarobod” KBdagi muhandis shtatlari qayta taqsimlanib, Avtobazaga muhandis-analitik shtat birligi kiritildi. Mazkur mutaxassis avtotransport vositalari ta’mirlash statistikasini elektron yuritish uchun mas’ul etib belgilandi.

Avtoparkni yangilash va infratuzilmani rivojlantirish borasida ham ishlar olib borilmoqda. Joriy yilda korxona avtoparki 240 ta — MAN, ISUZU, BYD, UZXCMG va KRANTAS kabi brendlarning yo‘l-qurilish va kon texnikasi, yuk va yo‘lovchi tashish transport vositalari, burg‘ilash uskunalarga ko‘paydi.

Shuningdek, 2025-yil davomida korxonada 100 km texnologik yo‘llar qurildi, 80 km ichki yo‘llar ta’mirlandi. Bu kon texnikalarining harakat xavfsizligini va ish unumdorligini sezilarli darajada yaxshiladi.

Transport xodimlarining mas’uliyatli faoliyat yuritishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda korxona tarkibidagi 1 ta avtobaza va 11 ta avtotransport uchastkasida 1700 ga yaqin xodim mehnat qilmoqda. Ular 2000 ga yaqin avtotransport vositalarini boshqarib, korxona faoliyatining uzluksiz va samarali tashkil etilishiga katta hissa qo‘shmoqda.

Korxonada harakat xavfsizligini ta’minlash borasida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, viloyat IIB YHX xodimlari bilan birgalikda chora-tadbirlar ishlab chiqilib, hamkorlikda doimiy ishlar olib borilmoqda, transport vositalarining texnik ko‘rikdan o‘tkazish ishlari belgilangan jadval asosida olib borilmoqda, haydovchilarning bilim ko‘nikmalari doimiy ravishda sinovdan o‘tkazilmoqda. Shuningdek, korxonada harakat xavfsizligini kuchaytirish maqsadida harakat xavfsizligi xizmati tashkil etilmoqda. Mazkur xizmatning asosiy vazifalari korxona transport vositalarining xarakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarini oldini olish, haydovchilarning malakaviy bilim ko‘nikmalarini oshirishdan iborat. Korxona transport vositalariga o‘rnatilgan GPS qurilmalari orqali harakatlanish tezligi bo‘yicha belgilangan me’yorlarga rioya qilinishi nazorati o‘rnatilgan.      

Korxonada temir yo‘l sohasida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2025-yil davomida  70 ta sulfat va nitrat kislotasi tashishga mo‘ljallangan maxsus vagonlar xarid qilindi. 4.5 km temir yo‘llar joriy tamirlandi. Joriy yilda 1.7 km temir yo‘l qurilishi rejalashtirilmoqda. Temir yo‘l tizimini raqamlashtirish maqsadida temir yo‘l transportida yuk tashish jarayonlari
e-nakl.railway.uz platformasi orqali elektron ravishda rasmiylashtirilmoqda. Bu esa o‘z navbatida tashish jarayonlarida inson omilini kamaytirish, kunlik iqtisodiy va vagon aylanmalarini nazorat qilish hamda temir yo‘l uchastkalari xodimlarini temir yo‘l bekatalariga bormasdan tashishlarni tashkillashtirish imkoniyatini bermoqda.

Xulosa qilib aytganda, “Navoiyuran” davlat korxonasida transport va logistika jarayonlarini raqamlashtirish, shaffoflikni ta’minlash, yoqilg‘i va ehtiyot qismlar sarfini qat’iy nazorat qilish, texnik xizmat va ta’mirlash jarayonlarini elektron tartibda yuritish, harakat xavfsizligini ta’minlash kabi islohotlar faqat samaradorlikni oshirish uchun emas — balki korrupsiyaga qarshi qat’iy mexanizmlarni shakllantirishga ham xizmat qilmoqda.

Yuqorida ko‘rsatilgan tizimli dasturlarni joriy etish, autsorsing jarayonlarining ochiq tartibda amalga oshirilishi, statistika va hisobotlarni avtomatlashtirish, hujjat aylanmasining raqamlashtirilishi orqali korrupsiyaning vujudga kelishiga sabab bo‘ladigan inson omili keskin qisqartirilmoqda.

Korxonada amalga oshirilayotgan modernizatsiya ishlari, avtoparkni yangilash, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash va xodimlar mas’uliyatini oshirish bo‘yicha qadamlar ham shaffof, xavfsiz va mas’uliyatli transport tizimini barpo etishga xizmat qiladi.

Shu bilan “Navoiyuran” DKda korrupsiyaga qarshi kurashish nafaqat huquqiy talab, balki korporativ madaniyatning ustuvor qoidasiga aylanib bormoqda. Bu yo‘nalishdagi izchil islohotlar korxona rivoji, ishonchli logistika va barqaror ishlab chiqarish jarayonining mustahkam kafolatidir.

X.T.Pirnazarov, Bosh muhandis o‘rinbosari-Transport va logistika departamenti boshlig‘i

Sahifalar

Category

Skip to content