“Navoiyuran” DK Bosh direktori Dj.Fayzullayevning O‘zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni munosabati bilan korxona jamoasiga bayram tabrigi
Qadrli konchi va metallurglar, aziz hamkasblar!
Bugun mamlakatimizda Konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni keng nishonlanayotgan ushbu qutlug‘ ayyomda sohada samarali mehnat qilib kelayotgan barcha fidoyi ishchi-xodimlar, muhandis-texnik mutaxassislar va mehnat faxriylarini chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Siz aziz soha vakillari yer osti boyliklarini aniqlash, qazib olish, qayta ishlash va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulot tayyorlashdek o‘ta mas’uliyatli vazifani yuksak professional mahorat, matonat va sadoqat bilan amalga oshirib kelmoqdasiz.
Korxonamiz keyingi yillarda keng ko‘lamli islohotlar natijasida nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro miqyosda ham o‘z nufuzini mustahkamlab bormoqda.
Korxona tomonidan geologiya-qidiruv ishlari, uran qazib olish va qayta ishlash jarayonlariga zamonaviy innovatsion texnologiyalar keng joriy etildi hamda soha fidoyilari mehnati bilan Yangi O’zbekistonda tarixiy natijalarga erishilib, uran ishlab chiqarish hajmi ikki baravarga oshirildi.
Bugungi kunda AQSh, Fransiya, Avstraliya, Kanada, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Xitoy, Qozog‘iston va boshqa davlatlarning yetakchi kompaniyalari bilan samarali hamkorlik munosabatlari yo‘lga qo‘yilgani korxonamizning xalqaro maydondagi ishonchli hamkor sifatidagi nufuzini yanada oshirmoqda.
Joriy yil aprel oyida AQShning Boston shahrida o‘tkazilgan “Uzbekistan Investor Day” tadbiri doirasida nufuzli investitsiya va moliya institutlari bilan qator muhim uchrashuvlar tashkil etildi. Bu esa korxonamizga bo‘lgan xalqaro ishonch va qiziqish tobora ortib borayotganini yaqqol namoyon etadi.
Shuningdek, “Sustainable Fitch” xalqaro reyting agentligi tomonidan korxonamizning ESG reytingi 55 balldan 61 ballga oshirilgani — mas’uliyatli korporativ boshqaruv, barqaror rivojlanish, ekologik mas’uliyat va ochiqlik tamoyillariga sodiqligimizning xalqaro e’tirofidir.
Bundan tashqari, korxonamiz “Global Banking & Markets Awards 2025” xalqaro mukofoti doirasida “Yilning eng yaxshi debyut korporativ obligatsiyasi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Mazkur yutuq moliyaviy shaffoflik, investorlar ishonchi va xalqaro standartlarga mos korporativ boshqaruv tizimining amaliy natijasidir.
O‘tgan yil yakunida erishilgan muhim yutuqlardan yana biri — korxonamiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Global shartnomasi — United Nations Global Compact tashabbusiga qo‘shilganidir.
Bu qaror inson huquqlari, mehnat standartlari, atrof-muhit muhofazasi va korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi xalqaro tamoyillarga qat’iy sodiqligimizni ifoda etadi.
Aziz do‘stlar!
Sizlarning mashaqqatli va sharafli mehnatingiz mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi va yurtimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Soha rivoji, korxona taraqqiyoti va Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi beqiyos hissangiz uchun barchangizga chuqur minnatdorlik bildiraman.
Sizlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizda yangi yutuq va zafarlar tilayman.
Mehnat bayramingiz muborak bo‘lsin!