“Navoiyuran” DK korporativ boshqaruv bo’yicha yetakchi korxonalar qatoridan joy oldi
2026-yil 26-iyun kuni Toshkent shahrida Chapter Zero Uzbekistan tashkilotining 3 yillik yubiley tadbiri bo’lib o’tdi. Tadbirda korporativ boshqaruv sohasida O’zbekistondagi yirik davlat korxonalarining 2026-yilgi reyting natijalari e’lon qilindi.
Reyting Chapter Zero Uzbekistan tomonidan GCF Eurasia ishtirokida ishlab chiqilgan metodologiya asosida kompaniyalarning ochiq ma’lumotlari bo’yicha baholandi.
Unda korporativ boshqaruv, kuzatuv kengashi faoliyati, ESG tamoyillari joriy etilishi, risklarni boshqarish, axborot oshkoraligi hamda iqlim boshqaruvi mezonlari inobatga olindi.
Baholash yakunlariga ko’ra, “Navoiyuran” davlat korxonasi eng yuqori “Leader” (“Yetakchi”) toifasiga kiritilib, O’zbekistonda korporativ boshqaruvning ilg’or amaliyotlarini joriy etayotgan 3 ta eng yaxshi korxonalar qatoridan joy oldi.
Mazkur natija korxonada zamonaviy korporativ boshqaruv hamda ESG tamoyillarini joriy etish, shaffoflikni oshirish va xalqaro standartlarga mos boshqaruv tizimini rivojlantirish borasida olib borilayotgan izchil ishlarning e’tirofi hisoblanadi.


