2026-yil - Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili
X

Biz haqimizda

"Navoiyuran" davlat korxonasi 2022 yil yanvar oyida "Navoiy KMK"AJni isloh qilish natijasida tashkil etilgan.

Kontakt

  • Inspektorlar 7, 210100, O'zbekiston Respublikasi, Navoiy viloyati, Navoiy shahri
  • info@navoiyuran.uz
  • Ofis ish vaqti: Dushanba - Juma 08:00 - 17:00 Shanba-Yakshanba: Yopiq

“Navoiyuran” davlat korxonasining 2026-yilning to‘qqiz oyi davomidagi faoliyati tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqildi va ustuvor vazifalar belgilab olindi

“Navoiyuran” davlat korxonasida Bosh direktor Djamal Fayzullayev rahbarligida korxona faoliyatining “2026-yilning to‘qqiz oyi yakunlari bo‘yicha uran ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining bajarilishi, erishilgan natijalar va mavjud muammolarning yechimi” yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Bosh direktor o‘rinbosarlari, direktorlar, bosh mutaxassislar, Boshqarma, bo‘lim va xizmat boshliqlari, Tarkibiy bo‘linma rahbarlari, Komplayens xizmati boshlig‘i, “Navoiyuran” xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi raisi ishtirok etdi.

Dastlab, korxonaning hisobot davridagi faoliyati asosiy yo‘nalishlar kesimida tahlil qilinib, erishilgan natijalar va mavjud muammolar ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilish kun tartibiga muvofiq, 2026-yilning to‘qqiz oyi yakunlari bo‘yicha uran ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining bajarilishi, erishilgan natijalar va mavjud muammolarni bartaraf etish choralari yuzasidan Bosh muhandis Otabek Ruziyevning hisoboti tinglandi. Shuningdek, uran zaxiralarini oshirish maqsadida 2026-yil davomida amalga oshirilgan ishlar, geologiya-qidiruv tadqiqotlarining natijalari hamda kelgusi rejalar yuzasidan Geologiya va qidiruv bo‘yicha direktor Sherali Jo‘rayev axborot berdi.

Muhokamalar davomida tarkibiy bo‘linmalar va geotexnologik konlar rahbarlari ishlab chiqarish jarayonlarida uchrayotgan muammolar, ularning yechimlari, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda geologiya-qidiruv ishlarini yana-da jadallashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot taqdim etdilar.

Ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish, belgilangan texnologik jarayonlarga qat’iy rioya etish, mavjud muammolarni o‘z vaqtida bartaraf qilish va uran zaxiralarini ko‘paytirish bo‘yicha boshlangan ishlarni izchil davom ettirish zarurligi qayd etildi. Bu borada mas’ul rahbarlar oldiga aniq vazifalar qo‘yilib, belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishda shaxsiy mas’uliyatni oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Bugungi kunda sanoat korxonalari faoliyatida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt yechimlarini keng qo‘llash ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, xarajatlarni maqbullashtirish va boshqaruv jarayonlarini takomillashtirishning muhim omillaridan biri hisoblanadi.

Shundan kelib chiqib, “Navoiyuran” davlat korxonasida ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur yo‘nalishda ishlab chiqilgan yo‘l xaritasi doirasida 15 ta loyiha belgilangan bo‘lib, ularni amalga oshirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.

Korxona faoliyatida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Ekologik talablarga qat’iy rioya etish bilan bir qatorda, mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, ularning oldini olish va samarali yechimlarni amaliyotga tatbiq qilish korxona oldida turgan muhim vazifalardan ekani ta’kidlandi. Shu maqsadda bir qator ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.

Yig‘ilishda ijro intizomi masalasi ham atroflicha ko‘rib chiqildi. Xususan, hisobot davrida “ijro.gov.uz” idoralararo yagona elektron tizimi orqali yuborilgan topshiriqlar ijrosining holati muhokama qilindi.

Yig‘ilish yakunida muhokama qilingan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha mas’ul rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi. Belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash, mavjud muammolarga tezkor yechim topish, ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlarida natijadorlikni oshirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

2026-yilning qolgan davrida uran ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini ta’minlash, mineral-xomashyo bazasini mustahkamlash, geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish, raqamlashtirish va sun’iy intellekt loyihalarini amalga oshirish, moliyaviy hamda ijro intizomini kuchaytirish korxonaning asosiy ustuvor vazifalari etib belgilandi.

Sahifalar

Category

Skip to content